
“Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi toʻgʻrisida”gi qonun 1991 yil 18 noyabrda
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining navbatdan tashqari oʻtkazilgan VII sessiyasida qabul
qilingan.
Oʻzbekiston Respublikasining bayrogʻi toʻgʻri toʻrtburchak shakldagi matoda aks etgan
boʻlib, uchta
asosiy gorizontal rangdor boʻlaklarga boʻlingan. Ular: yorqin moviy, oq, yorqin yashil. Bu boʻlaklar
orasini ikkita qizil rangdagi gorizontal chiziqlar ajratib turadi.
Oʻzbekiston bayrogʻi ramzi mamlakat hududida ilgari mavjud boʻlgan gʻoyat qudratli
saltanatlar
bayroqlariga xos boʻlgan eng yaxshi anʼanalarni davom ettirgan holda respublika tabiatiga xos
xususiyatlarni, xalqning milliy va madaniy oʻzligini ham aks ettiradi.
Bayroqdagi havorang — zangori osmon va musaffo suv ramzidir. Moviy — havorang Sharqda
azaldan
qadrlanadi, vaqtida Amir Temur ham oʻz bayrogʻiga bu rangni tanlagan.
Oq rang — tinchlik va poklik timsolidir. Bayroqdagi oq rang Oʻzbekiston Respublikasi
tanlagan
yoʻlning musaffo va charogʻon boʻlishi uchun yaxshi niyat ramzidir.
Qizil yoʻllar — bu har bir tirik jonning qon tomirida urib turgan hayotiy kuch, hayot
ramzidir.
Yashil rang — serneʼmat va orombaxsh tabiat timsoli. Hozirgi vaqtda butun dunyoda
atrof-muhitni muhofaza qilish harakatlari keng yoyilmoqda; uning ramzi ham yashil rangdir.
Yarimoy — Oʻzbekiston xalqining koʻp asrlik anʼanalariga muvofiq keladi. Yarimoy va
yulduzlar musaffo osmonning va tinchlikning ramzlaridir. Bayroqdagi 12 yulduz tasviri mukammallik
belgisidir.